Mamlakatimiz avtomobilsozlik sohasida faoliyat ko’rsatayotgan 40 dan ortiq qo’shma, mahalliy korxonalarni o’zida birlashtirgan “O’zavtosanoat” AK tarmoqda mehnat qilayotgan ishchi, xizmatchilar hamda avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi qo’shma va mahalliy korxonalar o’rtasida turli ko’ngilochar hamda sport – sog’lomlashtirish tadbirlari, tanlovlar o’tkazish yaxshi an’anaga aylantirgan. Shunday tanlovlardan biri – kompaniya tizimidagi qo’shma va mahalliy korxonalar orasida ishlab chiqarish madaniyati hamda intizomini oshirish, tan jarohati olishlarni kamaytirish, mehnat gigienasi, xavfsizligi talablarini ta’minlash bo’yicha eng yaxshi korxonani aniqlash maqsadida tashkil etildi. O’tkazilgan ko’rik-tanlovning “Yuqori ishlab chiqarish madaniyati va intizomi, ishchilarga xavfsiz mehnat sharoitini yaratib bergan eng yaxshi korxona” nominatsiyasida “Jizzax akkumulyator zavodi” OAJ 67 ball, “GM Uzbekistan” YoAJ 66 ball, “O’z-Kodji” qo’shma korxonasi 64 ball natijalarga erishib, kompaniya tizimidagi boshqa korxonalarga o’rnak bo’ldi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, korxona va tashkilotlarda mehnat xavfsizligini ta’minlash maqsadida o’tkazilayotgan bunday ko’rik-tanlovlar, ishchi xodimlar va mehnat jamoalari o’rtasida bir-birlariga bo’lgan o’zaro ishonch, yuksak hurmat hissini shakllantirish bilan birga, ularning ishga bo’lgan rag’batlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Material «O’zavtosanoat» AK ning rasmiy saytidan olindi.